Aholi orasida profilaktik ishlarni kuchaytirish, huquqbuzarlik sodir etganlarni esa qilmishiga yarasha jazolash maqsadida xalqaro standartlarni o‘z ichiga qamrab olgan, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari kafolatlarini kuchaytiruvchi yangi qonun imzolandi.
Endilikda er yoki xotin o‘z turmush o‘rtog‘ining o‘z huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan bo‘lsa yoki tahqirlasa, qo‘rqitsa, yaqin qarindoshlardan ajratib qo‘ysa qilmishning og‘irlik darajasidan kelib chiqib, maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Masalan, shaxs o‘z turmush o‘rtog‘ini haqoratlab, qadr qimmatini tahqirlasa 6 mln so‘m jarimaga tortiladi, g‘arazli niyatlar bilan kaltaklab, badaniga og‘ir tan jarohati yetkazsa 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi.
O‘z yaqinlari, yoshi kichik yoki nogironlarga nisbatan jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlarning sodir etilishi, ularning tajovuzkordan himoyalanish imkoniyati cheklanganligi sababli alohida xavflilik darajasiga ega.
Ammo, qonunchilik bunday qilmishlarini alohida og‘irroq jazoni nazarda tutuvchi modda bilan malakalash uchun yetarli imkoniyatlarga ega emas edi.
Yangi qonun bilan shaxs nafaqat amaldagi turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshiga, balki sobiq turmush o‘rtog‘iga, bir ro‘zg‘or asosida birga yashayotgan yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga, nogironga yoxud o‘ziga o‘qitish yoki tarbiyalash uchun topshirilgan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa unga og‘irroq jazo, yaʼni ilgarigiday 3 yildan 7 yilgacha emas, balki 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi belgilandi.


