Endilikda oilaviy bog‘chalar 50 nafargacha bola olishlari mumkin. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida maʼlum qildi.
Unda deputatlar ko‘rib chiqayotgan “Maktabgacha taʼlim va tarbiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartishlar kiritish bo‘yicha loyihada Oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida ko‘pi bilan ellik nafar maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolaning taʼlim va tarbiya olishiga yo‘l qo‘yilishi belgilanayotgani qayd etilgan.
Hozircha oilaviy MTTda ko‘pi bilan yigirma besh nafargacha bolaning taʼlim va tarbiya olishiga ruxsat beriladi.
Maʼlumot o‘rnida, O‘zbekistondagi davlat xususiy sherikchilik asosidagi hamda oilaviy bog‘chalarda bolalarni elektron tizim asosida kunlik nazorat qilish yo‘lga qo‘yilgandi.


