O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida qonuniy va xavfsiz mehnat migratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim kelishuvlarga erishildi. O‘zbekiston Migratsiya agentligi direktori Behzod Musayev hamda Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri Vedat Ishixon o‘rtasida bo‘lib o‘tgan strategik uchrashuvda Turkiyada faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Turkiyada kamida uch yil davomida doimiy yashagan O‘zbekiston fuqarolariga 1-martdan boshlab ilk bor ish ruxsatnomalarini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Shuningdek, ilgari Turkiyada noqonuniy bo‘lgan, ammo hozirda ushbu mamlakatda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarini deportatsiya qilmasdan qonuniylashtirish amaliyotini davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tomonlar, bundan tashqari, Turkiya Mehnat vazirligi qoshidagi İŞKUR tashkiloti orqali mamlakat mehnat bozorida eng talab yuqori bo‘lgan kasblar ro‘yxatini markazlashtirilgan tarzda shakllantirish va ushbu ma’lumotlarni O‘zbekiston Migratsiya agentligiga taqdim etishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolashga kelishib oldilar.


