Hukumat qarori bilan Davlat organlarining vazifalari va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamli shaklda amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning 1 iyundan boshlab, O‘zbekiston yoshlar portali negizida yaratilgan volontyorlar elektron platformasi ishga tushiriladi.
Qarorda kimlar volonyotr bo‘lishi, qaysi tuzilmalarga volontyorlarni jalb qilish mumkinmasligi belgilandi.
Taʼlim oluvchilar taʼlimdan tashqari vaqtlarda volontyorlar guruhi tarkibida volontyorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.
Quyidagi tuzilmalarga volontyorlarni jalb qilish mumkin emas:
pul bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshiruvchi;
maxfiy maʼlumotlarni saqlovchi va ular bilan ishlovchi;
inson hayoti uchun xavfli bo‘lgan, bajarilishi alohida bilim va ko‘nikma talab etadigan vazifalarni amalga oshiruvchi.
Davlat organiga jalb etilgan volontyor oyiga 20 soatdan ko‘proq volontyorlik bilan band bo‘lsa, u bilan volontyorlik shartnomasi tuzilishi shart.


