Ijtimoiy tarmoqlarda “Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zneftgazinspeksiya” va “O‘zenergoinspeksiya” xodimlariga mukofot pullari to‘lanmayapti” mazmunida maqola e’lon qilindi. Holat yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, inspeksiyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Shuni inobatga olgan holda Inspeksiya xodimlariga joriy yilning shu vaqtiga qadar byudjetdan moliyalashtirilishi ko‘zda tutilgan oylik ish haqi, bayram va choraklik mukofot pullari, shuningdek, moddiy yordam mablag‘lari o‘z vaqtida to‘lab kelingan.
“Murojaatda ko‘tarilgan masalalardan biri – vazirlik huzurida tashkil etilgan budjetdan tashqari jamg‘arma (fond) hisobidan beriladigan “mukofot pullari” (qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar) so‘nggi vaqtlarda haqiqatda kechikayotgandi.
Energetika vazirligiga yangi rahbar tayinlangandan so‘ng ushbu muammo Vazir tomonidan o‘rganib chiqildi va qisqa fursatda jamg‘arma hisobidan 6 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari inspeksiya xodimlarini rag‘batlantirish va ijtimoiy himoyasi uchun (“yo‘lkira”, “ovqat puli” va boshq.) to‘lovlar amalga oshirildi”, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, hozirgi kunda jamg‘armaga tushadigan mablag‘larning aniq manbalari belgilab olingan va uning ijrosi yuzasidan tegishli grafik ishlab chiqilgan. Mazkur grafikka asosan jamg‘arma tomonidan Inspeksiya xodimlariga kechikkan qo‘shimcha rag‘batlantiruvchi to‘lovlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, rasmiy izoh orqali “vazirlik xodimlarining oylik maoshi 30 mln so‘mni tashkil etishi” to‘g‘risidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirilgan.


