1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Salomatlik

Epidemik vaziyat barqarorligi aholisining vaksina olishdagi masʼuliyatini oshirish lozim

Epidemik vaziyat barqarorligi aholisining vaksina olishdagi masʼuliyatini oshirish lozim

Epidemik vaziyat barqarorligi aholisining vaksina olishdagi masʼuliyatini oshirish lozim

Mamlakatimizda koronavirusga qarshi ommaviy emlash tadbirlarini yana-da jadallashtirish, bu orqali yurtimizdagi epidemik vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida soha mutaxassislari tomonidan vaksinani majburiy qilish lozimligi haqida bildirilgan fikrlar bugun ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarining asosiy mavzusiga aylandi.

Mazkur holat yuzasidan SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat ATABEKOVga murojaat qildi:

— Maʼlumki, joriy yil aprel oyining birinchi sanasidan boshlab, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi ommaviy emlash tadbirlariga start berilgan edi, — deydi N. ATABEKOV. — Buning uchun mamlakat bo‘ylab 3 138 ta emlash punktlari va 862 ta harakatdagi tibbiy brigadalar tashkil qilindi.

Hududlarga vaksinalarni tashish uchun COVAX dasturi doirasida 17 ta avtorefrijerator, 206 ta yuk tashuvchi miniven va 16 ta yengil avtotransport vositalari yetkazildi.

Emlash jarayonlariga 4 ming nafardan ortiq shifokor va 11 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimi jalb qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz salomatligini asrash, ularni ushbu xavfli xastalikdan himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ishga solindi.

Vaholanki, bugun dunyoning juda ko‘p mamlakatlari o‘z aholisi uchun vaksina olishga qurbi yetayotgani yo‘q. Baʼzi davlatlar vaksina olishni emas, eng avvalo, iqtisodiyotini qutqarib qolishni o‘ylamoqda.

Afsuski, yurtimizda aholining koronavirusga qarshi emlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berilgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 oydan ortiq vaqt davomida xalqimizning vaksina jarayonlaridagi faolligi, shijoati va tashabbuskorligi sezilmadi.

Hatto, xavf guruhiga kiruvchi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi vakillari ham bu jarayonlarda sust ishtirok etayotgani mutaxassis sifatida meni hayron qoldirdi.

Ajablanarlisi shuki, o‘tgan uch oydan ko‘proq vaqt mobaynida respublika bo‘yicha 4 million 300 ming doza vaksina ishlatilgan bo‘lsa-da, to‘liq (ikki va uch bosqichli) emlash kursini olgan aholimiz soni 850 ming nafardan ozgina ortdi. Bu degani endigina respublikamiz aholisining shuncha qismini to‘liq emladik va aniqroq aytsak, ularda emlashdan keyingi immunitetni shakllantirishga erishdik, xolos.

Aslida xalqimiz ongida hukumat hamma xarajatni o‘z zimmasiga oladi, desa davlat bundan qandaydir manfaatdor, degan g‘alati fikr shakllanib qolgan.

Vaholanki, bu saʼy-harakatlar, eng avvalo, aholi salomatligi yo‘lida amalga oshirilmoqda. Qolaversa, bu orqali davlatimiz epidemik barqarorlikni taʼminlagan holda xalqimizga iqtisodiy manfaatni nazarda tutmoqda.

Biroq buni hamma ham birdek tushunayotgani, to‘g‘ri anglayotgani yo‘q. Aksincha ayrimlar ijtimoiy tarmoqlar orqali emlash to‘g‘risida turli asossiz fikrlar tarqatishga, odamlar ongida vaksina haqida noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otishga urinmoqda.

Baʼzi fuqarolar esa noto‘g‘ri fikrlarga ishonib, o‘zi va yaqinlarini vaksina olishdan to‘smoqda. Eng yomoni, ular bu bilan kasallikning aholi orasida yana-da keng tarqalishiga zamin yaratayotir.

Shu bois, mening nazarimda mamlakatimizda ommaviy emlashni majburiy qilsak, yurtdoshlarimizning vaksina olishga bo‘lgan masʼuliyati yana-da ortadi, unga munosabati o‘zgaradi.

Afsuski, bugun mamlakatimizdagi mavjud emlash punktlarida bir kunda 130-140 ming nafar fuqaro “COVID-19”ga qarshi emlanmoqda. Bu raqam juda kam. Chunki, har bir emlash punktlari va brigadalari bir kunda 70 nafar odamni emlash imkoniyati bo‘lgan bir paytda, biz uning teng yarim imkoniyatidan foydalanayapmiz.

Zero, aholining 60-70 foizida jamoaviy immunitetni shakllantirmasdan turib, biz bu kasallikni yenga olmaymiz.

Bas, shunday ekan jamoaviy immunitetni shakllantirish uchun emlanishi lozim bo‘lgan aholi qatlamini koronavirusga qarshi vaksina bilan to‘liq qamrab olish zarur.

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика