Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdog‘an va AQSh prezidenti Jo Bayden Vilnyusdagi NATO sammitining birinchi kunida uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv 1 soat 15 daqiqa davom etgan.
"Rahbarlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarni muhokama qildilar, strategik mexanizmdagi muhokamalarning so‘nggi bosqichini olqishladilar hamda mudofaa va iqtisodiy ustuvorliklar yuzasidan fikr almashdilar”, — deyiladi Oq uy matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, ular, shuningdek, umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan mintaqaviy masalalar, jumladan, Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va Egey dengizida barqarorlikni saqlashni ham muhokama qilgan.
O‘z navbatida, “Anadolu” agentligining xabar berishicha, Turkiya prezidenti AQSh rahbari bilan uchrashishdan oldin “AQSh bilan davlat rahbarlari darajasida maslahatlashuvlar o‘tkazish vaqti kelganini” aytgan.
"Bugun men NATO maydonlarida boʻlib oʻtgan ushbu uchrashuvni bu yoʻnalishdagi birinchi qadam deb bilaman. Oldingi uchrashuvlarimiz qandaydir iliqlik baxsh etgan edi, endi esa biz yangi jarayonni boshlayapmiz", — deb qoʻshimcha qildi Erdogʻan.
U shuningdek, Baydenga qayta saylanishida muvaffaqiyat tiladi.


