Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Qora dengiz konlaridan mamlakat energetika tizimiga gaz yetkazib berish boshlanganini maʼlum qildi. 14-may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovlar arafasida davlat rahbari xonadonlarni gaz bilan bepul taʼminlashga vaʼda berdi.
“Biz bir yil davomida maishiy isteʼmol uchun oyiga 25 kub metrgacha bepul tabiiy gaz beramiz”, dedi Turkiya rahbari shimoliy Zonguldak viloyatidagi gaz portining ochilish marosimida.
Qayd etilishicha, bu marosim Turkiya hukumatining saylovlar oldidan yirik energetika va infratuzilma loyihalarini namoyish etishga qaratilgan so‘nggi urinishlaridan biridir.
Tabiiy gaz ilk bor 2020 yilda Zonguldak qirg‘oqlari yaqinidagi Sakarya konida, o‘tgan yili esa uning yonidagi Kaikuma-1 konida topilgan.
Kichik neft va gaz zaxiralariga ega Turkiya Rossiya, Ozarbayjon va Erondan gaz importiga, shuningdek, Qatar, AQSH, Nigeriya va Jazoirdan suyultirilgan gaz importiga katta darajada qaram.
Erdog‘anning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda Sakarya konidan kuniga 10 million kub metr gaz, ikkinchi bosqichda esa kuniga 40 million kub metr gaz qazib olinadi. Uning taʼkidlashicha, Qora dengiz tabiiy gazi ichki isteʼmolning 30 foizini qoplaydi.


