Rajab Toyyib Erdog‘an yaqin vaqt ichdida Putin va Zelenskiy uchrashuvini tashkil etishni o‘zining asosiy maqsadi deb hisoblaydi. Bu haqda Turkiya prezidenti millatga murojaati davomida ma’lum qildi.
Erdog‘an Ukrainadagi nizoni dunyodagi eng asosiy inqiroz deb atagan. Uning fikricha, bu butun dunyo, jumladan, Turkiyaga ta’sirini o‘tkazadi.
“Turkiya ushbu urushning oldini olishga, keyin esa uning tinchlik bilan tugashi uchun barcha choralarni ko‘rdi. Gʻalla inqirozini oldini olishga qaratilgan mexanizm yaratilishi ham bizning sa’y-harakatlarimiz bilan amalga oshirildi. Ukraina va Rossiya hissasiga dunyodagi g‘allaning uchdan biri to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, ukrain g‘allasining aynan bizning hudud orqali boshqa davlatlarga jo‘natilishi insoniyat uchun katta ahamiyatga ega”, — degan Turkiya yetakchisi.
Avvalroq Anqara Ukraina atrofidagi vaziyatdan ayrim davlatlar foydalanishga harakat qilayotganini aytgandi.


