Turkiya Prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an va Germaniya kansleri Fridrix Mers o‘rtasida Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda G‘azo inqirozi masalasi keskin bahs mavzusiga aylandi. Ikki davlat rahbarining qarashlari ziddiyati matbuot anjumanida oshkora namoyon bo‘ldi.
Germaniya kansleri Mers o‘z pozitsiyasini aniq ifodalab, Berlinning Isroilni qo‘llab-quvvatlash siyosati o‘zgarmasligini taʼkidladi. U: "Isroil o‘zini himoya qilish huquqidan foydalanmoqda. Agar HAMAS garovdagilarni ozod qilganida va qurolni tashlaganida, qurbonlar soni bu qadar ko‘p bo‘lmasdi", deb eʼtiroz bildirdi.
Turkiya Prezidenti Erdo‘g‘an esa bu fikrga qatʼiy qarshilik ko‘rsatib, "HAMAS yadroviy yoki og‘ir qurollarga ega emas. Isroil o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qaramay, G‘azoga zarba berishda davom etmoqda. Ular faqat hujum qilibgina qolmay, balki G‘azoni ochlik va genotsid orqali bo‘ysundirishga harakat qilishmoqda", dedi.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Turkiya va Germaniyaning G‘azoning kelajagi bo‘yicha "birgalikda harakat qilishi"ga umid bildirdi. Mers esa Turkiyani HAMASga taʼsir ko‘rsatishga va tinchlik rejasining ikkinchi bosqichiga o‘tishga chaqirdi.
Erdo‘g‘an Turkiya vazirlariga HAMAS rahbarlari bilan muloqotni davom ettirish vazifasi yuklanganini maʼlum qildi, biroq buning batafsil tafsilotlarini ochiqlamadi.


