Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy mamlakatda davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida AQSH prezidenti Donald Tramp haqida keskin bayonot berdi. Davlat televideniyesi orqali namoyish etilgan nutqida u Tramp “albatta qulashga mahkum” ekanini ta’kidladi va Eron Islom Respublikasi bosimlar qarshisida chekinmasligini bildirdi. Bu haqda The Times of Israel xabar berdi.
Xomanaiy o‘z chiqishida tarixiy misollar keltirib, Fir’avn, Namrud, Rizo shoh va Muhammad Rizo kabi “zolimlar” hokimiyatining eng yuqori cho‘qqisida qulaganini eslatdi. “Tramp shuni bilishi kerakki, ularning barchasi kibrining avjida taxtdan ag‘darilgan. U ham xuddi shunday taqdirga duchor bo‘ladi”, dedi Eron oliy rahbari.
Shuningdek, Xomanaiy namoyishchilarni “buzg‘unchilar” va “sabotajchilar” deb atab, ularni xorijiy kuchlar, xususan AQSH manfaatlariga xizmat qilishda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklar chog‘ida davlat va jamoat mulkiga zarar yetkazilgan, Tehron esa “chet elliklar yollanmasi” sifatida harakat qilayotganlarga toqat qilmaydi.
So‘nggi haftalarda Eronda inflyatsiya va milliy valyutaning keskin qadrsizlanishi sabab boshlangan noroziliklar mamlakatning barcha viloyatlariga yoyildi. Inson huquqlari tashkilotlari o‘nlab qurbonlar va minglab hibsga olishlar haqida xabar bermoqda. Noroziliklar dastlab iqtisodiy talablar bilan boshlangan bo‘lsa, hozirda bevosita hukumat va oliy rahbarga qarshi siyosiy shiorlar bilan davom etmoqda.


