Eron prezidenti Masʼud Pizishkiyon Xalqaro atom energiyasi agentligi rahbari (MAGATE) Rafael Grossi bilan uchrashdi. Bu haqida Irna agentligi xabar berdi.
"Oliy rahnamoning fatvosiga asosan biz biror bir usulda yardoviy qurol yaratishga intilmaganmiz va bundan keyin ham intilmaymiz, hech kim bizni bu siyosatdan og‘ishtira olmaydi", — deydi Pizishkiyon.
Shuningdek, u "mavjud muammolarni hal etish va Eronning tinch yadroviy faoliyatiga oid shubhalarni yo‘qotish uchun" MAGATE bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini maʼlum qildi.
Pizishkiyonning so‘zlariga ko‘ra, Eronning yadvoriy dasturi faqat tinchlik maqsadlariga qaratilgan va MAGATEning barcha talablariga mos keladi.

Bundan tashqari, Eron prezidenti mamlakat yadroviy dastur bo‘yicha kelishuvdagi barcha majburiyatlarini bajarganini, ammo AQSH bir tomonlama tartibda undan chiqib ketganini taʼkidladi.
Grossi Eronga muzokaralar o‘tkazish uchun kelgan. U Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi va Eron yadroviy idorasi rahbari Muhammad Islom bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan. 14 noyabr kuni MAGATE direktori mamlakat hududidagi bir nechta yadroviy obyektlarga tashrif buyurib, Eron yadroviy dasturining rivojlanishi borasidagi to‘liq kartina bilan tanishdi.
2015 yilda Eron va xalqaro vositachilar “oltiligi” – BMT Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy aʼzosi bilan Germaniya – Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini (QHR) tuzgandi. Unga ko‘ra Tehron xalqaro va bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilish evaziga o‘z yadroviy dasturini rivojlantirishni cheklashi shart edi.
AQSH sobiq prezidenti Donald Tramp 2018 yilda Qo‘shma Shtatlarni ushbu kelishuvdan bir tomonlama chiqarib tashladi va Eronga qarshi sanksiyalarni tikladi, bu esa Tehronni kelishuvning ayrim shartlarini bajarishdan asta-sekin voz kechishga undadi.


