1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Eronda butun mamlakat bo‘ylab internet aloqasi to‘liq o‘chirildi

Eron rasmiylari yirik norozilik namoyishlari yoki beqarorlik xavfi kuchaygan pallalarda internetga kirishni cheklash yoki uni to‘liq o‘chirish amaliyotini muntazam qo‘llab keladi.

Eronda butun mamlakat bo‘ylab internet aloqasi to‘liq o‘chirildi

 

Eronda dekabr oyidan buyon davom etayotgan ommaviy norozilik namoyishlari fonida mamlakat bo‘ylab internet aloqasi to‘liq o‘chirildi. Bu haqda tarmoq monitoringi bilan shug‘ullanuvchi NetBlocks xizmati ma’lum qildi.

 

Xizmat bayonotida qayd etilishicha, real vaqt rejimidagi kuzatuvlar Eron hukumati tomonidan norozilik namoyishlariga qarshi kuchaytirilgan raqamli senzura choralari joriy etilganini va buning natijasida butun mamlakat bo‘ylab internetga kirish deyarli to‘xtatilganini ko‘rsatmoqda.

 

Xizmat mutaxassislariga ko‘ra, internetning uzilishi norozilik namoyishlari tarqalayotgan bir paytda voqealarni joyidan yoritish va axborot almashinuvi imkoniyatlarini jiddiy darajada cheklaydi.

 

Noroziliklar Eron rialining keskin qadrsizlanishi, xalqaro sanksiyalar va Isroil bilan yuzaga kelgan harbiy keskinlik oqibatida inflyatsiya darajasining qariyb 50 foizga yetgani fonida boshlangan. Namoyishlar o‘nlab shaharlarga tarqalib, kamida 39 nafar kishi, jumladan, 4 nafar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, 2260 dan ortiq fuqaro hibsga olingan. Tartibni tiklash chog‘ida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ko‘z yoshartiruvchi gaz qo‘llanilgani xabar qilinmoqda.

 

AQSh prezidenti Donald Tramp norozilik namoyishlari zo‘ravonlik bilan bostirilgan taqdirda, Qo‘shma Shtatlar harbiy kuch ishlatishga tayyorligini bildirgan. Ushbu bayonot Tehronda keskin munosabatga sabab bo‘lib, Eron rasmiylari uni “beparvolik” deb baholadi va G‘arb davlatlarini mamlakat iqtisodiyotini beqarorlashtirishga urinishda aybladi.

 

Eron rasmiylari yirik norozilik namoyishlari yoki beqarorlik xavfi kuchaygan pallalarda internetga kirishni cheklash yoki uni to‘liq o‘chirish amaliyotini muntazam qo‘llab keladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика