Eronlik Nobel tinchlik mukofoti sovrindori, inson huquqlari faoli Narges Mohammadi yana uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 53 yoshli huquq himoyachisiga nisbatan yangi hukm Mashhad shahridagi sud tomonidan chiqarilgan. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Faolning advokati Mustafo Nilining ma’lum qilishicha, Mohammadi “axborot to‘plash va davlatga qarshi fitna” ayblovi bilan 6 yilga, shuningdek, targ‘ibot faoliyati uchun yana 1,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Bundan tashqari, unga nisbatan 2 yil davomida mamlakatdan chiqish taqiqi ham qo‘llangan.
Shuningdek, u Tehrondan uzoqda joylashgan hududda qo‘shimcha ichki surgun choralariga ham duch kelgani aytilmoqda. Eron rasmiylari ushbu hukm yuzasidan hozircha rasmiy izoh bermagan.
Narges Mohammadi 2023-yilda Eronda ayollar huquqlari va inson erkinliklari uchun olib borgan faoliyati uchun Nobel tinchlik mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.


