Eron hududida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek boshqa davlatlar diplomatlari va ularning oilalari Turkmaniston orqali xavfsiz evakuatsiya qilindi. Bu haqda Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Turkmaniston o‘z hududini evakuatsiya uchun taqdim etib, Eron hududidan chiqqan 120 ga yaqin chet el fuqarosiga — jumladan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Ruminiya fuqarolariga — insonparvarlik yordami ko‘rsatdi.
Evakuatsiya qilinganlarga transport, oziq-ovqat, mehmonxona va zarur vositalar bilan yordam berildi. Turkmaniston davlat organlari bu jarayonda xorijiy elchixonalar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ish olib bordi.
Turkmaniston BMT tashabbusi bilan e’lon qilingan “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” doirasida insonparvarlik, xalqaro hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga sodiqligini yana bir bor namoyon etdi.


