1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Eronning Bandar-Abbos shahridagi binolardan birida portlash sodir bo‘ldi

Isroil rasmiylari hodisaga aloqadorlikni rad etmoqda.

Eronning Bandar-Abbos shahridagi binolardan birida portlash sodir bo‘ldi

 

Eronning Bandar-Abbos shahrida joylashgan sakkiz qavatli turar joy binosida portlash sodir bo‘ldi. Eron davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, hodisa Fors ko‘rfazi sohilida joylashgan Moallem bulvari hududida yuz bergan. Portlash oqibatida binoning ikki qavati, bir nechta avtomobil va do‘konlar vayron bo‘lgan. Hozircha portlash sabablari noma’lum.

 

Mahalliy OAV dastlab portlash nishoni Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi rahbarlaridan biri bo‘lgani haqidagi taxminlarni rad etdi. Hodisadan bir necha soat avval AQSh bilan keskinlik kuchaygani fonida Eron Qurolli kuchlari “to‘liq mudofaa va jangovar shaylik” holatiga keltirilgani haqida xabar berilgandi.

 

Eron Quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Amir Hotamiy avvalroq:


“Agar dushman xatoga yo‘l qo‘ysa, bu shubhasiz uning o‘z xavfsizligi, mintaqa xavfsizligi va sionistik rejim xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yadi”, — degan edi.

 

Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlik AQSh prezidenti Donald Trampning 30-yanvardagi bayonotlaridan so‘ng yanada kuchaydi. Tramp Eron yadroviy dasturi bo‘yicha yangi kelishuvdan bosh tortilsa, harbiy zarbalar berilishi mumkinligini aytib, mintaqaga harbiy kemalar yuborilayotganini ma’lum qilgan edi.

 

Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Isroilning ikki nafar rasmiysi Eronda sodir bo‘lgan portlashlarga Isroilning aloqadorligini qat’iyan rad etgan. Shuningdek, Eronning janubi-g‘arbidagi Xuziston viloyati Ahvoz shahrining Kianshahr mahallasida alohida holatda gaz portlashi yuz berib, oqibatda to‘rt kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

 

Eron davlat OAVlariga ko‘ra, har ikkala portlash holati yuzasidan tergov ishlari olib borilmoqda. Rasmiy izohlar hozircha bermagan.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика