Falastin oktyabr oyida Qozonda o‘tkaziladigan sammitdan keyin BRICS aʼzoligi uchun ariza berish niyatida. Bu haqida mamlakatning Rossiyadagi elchisi Abdul Hofiz Nofal maʼlum qildi.
"Sammitdagi birinchi ishtirokimizdan keyin biz ushbu tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha so‘rov yuboramiz. Va Rossiya prezidenti Vladimir Putin sessiya to‘liq Falastinga bag‘ishlanishiga vaʼda berdi, shu bois ushbu sammitdan faqat ijobiy natijalarni kutmoqdamiz", — deydi elchi.
Nofal, shuningdek, sammitga taklif etilganini Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlash belgisi deb atadi. Xalqaro guruhning navbatdagi sammiti 22-24 oktabr kunlari Qozonda bo‘lib o‘tadi.
BRICS — iqtisodiy hamkorlik tashkiloti. 2001 yilda britaniyalik iqtisodchi Jim Onil jahon iqtisodini o‘rganish jarayonida bir guruh katta davlatlarda iqtisodiy tizimli o‘sishga eʼtibor berib, shartli ravishda BRIC deb ataydi (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy). 2010 yilda bunga JAR qo‘shildi, bugun tashkilotda to‘qqizta davlat bor.
2023 yil 23 avgust kuni JAR prezidenti Siril Ramaposa Argentina, Eron, Saudiya Arabistoni, Misr, Efiopiya va Birlashgan Arab Amirliklariga to‘laqonli aʼzo sifatida tashkilotga qo‘shilish taklifi bildirilganini maʼlum qilgandi. Keyinrioq Argentina BRICS‘ga qo‘shilishdan bosh tortgan.


