Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Farg‘ona va Namangan viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida mansab vakolatini suiiste’mol qilish holatlariga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Farg‘ona viloyati Bog‘dod tuman hokimi o‘rinbosari 8 ming AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, u Beshariq tumanida yashovchi fuqaroga “elektron onlayn auksion” platformasi orqali ijara asosida yutib olingan 2,4 sotix yer maydonini boshqa shaxsga mulk huquqi asosida o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Namangan shahar hokimining mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi tadbirkorlikni rivojlantirish va bandlik masalalari bo‘yicha yordamchisi “Yashil makon” loyihasi doirasida ajratilgan 8 sotix yer maydoni uchun dalolatnoma rasmiylashtirib berish, bir yil o‘tgach yer toifasini turar-joy toifasiga o‘zgartirib berishni va’da qilib, buning evaziga 6 ming AQSh dollari talab qilgan vaqtida ushlangan.
Huddi shunday holat Yangi Namangan tumanning boshqa bir mahallasida ham aniqlangan. Tuman hokimi yordamchisi davlat zaxirasidagi 12 sotix yer maydonining hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da qilib, 16 ming AQSh dollari talab qilgan. Shundan 6 mingini olgan vaqtida jinoyat alomatlari bilan qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu shaxslar bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


