Aybuxon Toshxo‘jaevich Rahmatullayev Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.
Polkovnik Aybuxon Rahmatullayev avval ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Moliya va moddiy-texnika ta’minoti bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan. 2021-yil mart oyidan Andijon viloyati IIB boshlig‘i bo‘lgan, 2025-yil martida esa yana Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga qaytarilgandi.
2026-yil 28-yanvar kuni u boshqa ishga o‘tkazilishi munosabati bilan ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari — Tezkor-qidiruv departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan edi.
Ma’lumot uchun, Aybuxon Rahmatullayev so‘nggi o‘n yil ichida Farg‘ona viloyati IIB rahbarligiga tayinlangan oltinchi mansabdor hisoblanadi. Bungacha mazkur lavozimda Aloviddin Sultonov (2015–2017), Rahmat Mamatov (2017–2020), Doniyor Toshxo‘jaev (2020–2022), Muhiddin Jo‘rayev (2022–2023) va Azizbek Ikromov (2023–2026) faoliyat yuritgan.
Hozirda Aloviddin Sultonov nafaqada. Rahmat Mamatov keyinchalik Mahalla va oila vaziri hamda Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimlarida ishlagan. Doniyor Toshxo‘jaev Farg‘onadan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari lavozimiga qaytib, keyinroq yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Muhiddin Jo‘rayev 2023-yil yozida prezident tanqididan so‘ng lavozimidan ozod etilgan bo‘lib, uning keyingi faoliyati haqida ochiq manbalarda ma’lumot yo‘q. So‘nggi uch yilga yaqin viloyat IIBga rahbarlik qilgan Azizbek Ikromov esa yaqinda Favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlandi.


