Farg‘ona viloyatining Quva tumanida maktab yaqinida fojiali yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, “Damas” rusumli avtomashinani ishonchnoma asosida boshqarayotgan 21 yoshli haydovchi piyodalar o‘tish joyidan o‘tayotgan 9 yoshli maktab o‘quvchisini urib yuborgan.
Og‘ir tan jarohatlari olgan bola shifoxonaga yetkazilgan, biroq shifokorlarning barcha urinishlariga qaramay, uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
Tergov organlarining ma’lum qilishicha, haydovchi yo‘l harakati qoidalariga rioya etmagan, “Diqqat, bolalar!” belgisi o‘rnatilgan hududda tezlikni kamaytirmagan. Oqibatda maktabga ketayotgan bola qonuniy tarzda piyodalar yo‘lidan o‘tayotgan paytda avtomobil urib ketgan.
Hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi — o‘limga sabab bo‘lgan yo‘l harakati qoidalarini buzish — bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Haydovchi hibsga olingan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.


