Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida ota farzandining 18 yoshgacha bo‘lgan 65 million so‘mlik aliment pullarini uy-joy olish maqsadida oldindan to‘lab berdi. Bu haqida MIB axborot xizmati xabar bermoqda.
“Bu ezgu ishga MIBning O‘zbekiston tuman bo‘limi xodimlari ko‘maklashdi. Ular ota-ona o‘rtasida murosaga erishib, farzand manfaatini ustun qo‘yishdi. Otaning qarori, oddiy aliment emas, balki farzandining kelajakda o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini taʼminlashdir.
Mazkur mablag‘, onaning ehtiyojlarini qoplaydi, asosiysi esa, farzandning taʼlim olishi, salomatligi va kelajakda mustaqil hayot kechirishi uchun muhim tayanch bo‘ladi. Ota, farzandini yolg‘iz qoldirmasligini, hamisha yonida bo‘lishini ham taʼkidladi. Bu chin otalik mehrining yorqin ifodasidir”, deyiladi xabarda.


