Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida ko‘cha bezoriligi bilan bog‘liq bir qator jinoyatlar fosh etildi. Joriy yilning 17–19-yanvar kunlari sodir bo‘lgan holatlar yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan tezkor choralar ko‘rildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Aniqlanishicha, 17-yanvar kuni Qo‘qon shahrida yashovchi shaxs bir guruh tarafdorlari bilan voyaga yetmagan yigitni Uchko‘prik tumanidagi dala maydoniga olib borib, undan haftasiga 500 AQSh dollari talab qilgan. Jabrlanuvchi pul bermagan taqdirda o‘ldirish bilan tahdid qilingan. Shuningdek, unga turli tan jarohatlari yetkazilib, yonidagi 200 dollar zo‘rlik ishlatish yo‘li bilan tortib olingan.
Mazkur holatdan xabar topgan voyaga yetmagan shaxsning tanishi ham o‘z tarafdorlari bilan qarshi guruh bilan Qo‘qon shahrining Alisher Navoiy mavzesi va Salang ko‘chalarida uchrashgan. Tomonlar o‘rtasida kelib chiqqan kelishmovchilik oqibatida o‘zaro tan jarohatlari yetkazilib, shaxslar hodisa joyidan yashiringan.
19-yanvar kuni esa birinchi guruh yetakchisi o‘n nafarga yaqin tarafdorlari bilan ikkinchi guruh yetakchisini Qo‘qon shahri bo‘ylab qidirishga tushgan. Ular qora rangli Spark rusumli avtomashinada harakatlanayotgani aniqlanib, qasddan avtomashina bilan urib to‘xtatilgan. Avtomashinadagilar qochib ketgan bo‘lsa-da, transport vositasiga sovuq qurollar yordamida jiddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida 25 nafar shaxs aniqlanib, tergovga jalb etildi.
Ularning 15 nafari Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi asosida ushlangan. Shuningdek, 3 nafar shaxsga sud tomonidan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi. Ayni paytda jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


