Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida ota o‘g‘lini onasiga bermaslik uchun o‘zini mashina tagiga tashladi. Bu haqida MIB axborot xizmati Zamon.uz'ga maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, er-xotin o‘rtasidagi nizo natijasida oila ikki tomonga ajrab, ona qizalog‘ini olib ketgan bo‘lsa, o‘g‘il bola otasi qo‘lida qolgan.
Biroq ona o‘g‘lini sog‘inib, uni tarbiyasiga qaytarish maqsadida sudga murojaat qilgan. Sud barcha holatlarni ko‘rib chiqib, bolani onasi tarbiyasiga topshirish haqida qaror qabul qilgan.
Sud qarori Majburiy ijro byurosiga kelib tushgach, ijro ishi qo‘zg‘atilgan. Davlat ijrochilari otani bir necha bor ogohlantirgan bo‘lsa-da, u bolani onasiga bermaslik uchun turli yo‘llarni izlashda davom etgan.
Bola onasiga topshirilishi lozim bo‘lgan kuni esa vaziyat yana-da keskinlashgan. Otasi mashinaga o‘tirgan bolani to‘xtatish maqsadida hatto o‘z jonini ham xavf ostiga qo‘yib, transport vositasiga o‘zini tashlagan. Keyin esa vaziyatdan foydalanib, bolani tushirib qoldirib qochirib yuborgan.
Keyinchalik bola topilgan va qaror to‘liq bajarilgan. Ertasi kuni davlat ijrochilari tezkor harakat qilib, bolani topishga erishgan. Bolani otasi bilan birga MIB binosiga olib kelib, sud qarorini bajargan holda onasiga topshirishdi. Shu bilan ijro ishi amalda yakunlandi.


