Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida Oltiariq tumanida joylashgan “N.I.B” MCHJ tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani maʼlum bo‘ldi.
Xabarda keltirilishicha, ushbu MCHJga qarashli 46-sonli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida gaz sarfini o‘lchash kompleksiga o‘rnatilgan “toraytiruvchi” qurilma kirish-chiqish qismidagi gaz jo‘mraklariga davlatlararo standart talablariga (GOST 8.586-2005) zid ravishda paranit materialidan yasalgan rezina qoplama o‘rnatilgan.
“O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmatiga ko‘ra, mazkur noqonuniy holat natijasida davlat manfaatlariga yetkazilgan zarar miqdori 5 milliard 542 million so‘m (5 mln 542 ming metr kub)ni tashkil etgan. Ushbu hajmdagi tabiiy gaz 27 ming 700 dan ziyod xonadonning bir oylik isteʼmoliga teng.
Ayni kunda mazkur holat yuzasidan rasmiylashtirilgan hujjatlar huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etilgani aytilmoqda.


