Davlat xavfsizlik xizmati Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Tojikistondan noqonuniy olib kirilgan yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari muomalaga kiritilishining oldi olindi. Bu haqda DXX Zamon.uzga xabar berdi.
Xususan, Qo‘qon shahrida 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, oshxona qismidan 4 kg 572 gramm “opiy” va 1 kg 58 gramm “gashish” aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, ushbu shaxsga Tojikistondagi narkosavdogarlar tomonidan “WhatsApp” messenjeri orqali yuborilgan geolokatsiya asosida avvalroq Dang‘ara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gramm “opiy” moddasi ham aniqlanib, musodara qilindi.
Bundan tashqari, Qo‘qon shahrida istiqomat qiluvchi 1969-yilda tug‘ilgan shaxs giyohvandlik vositalarini qayta ishlash uchun yashash xonadonida noqonuniy narkolaboratoriya tashkil etgani aniqlanib, undan 7 kg 226 gramm “opiy” moddasi olingan.
Yana bir holatda Qo‘qon shahri hududida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, 1980-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan avvalroq 34 ming AQSh dollariga xarid qilingan 5 kg 22 gramm “opiy” moddasi borligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida ushbu giyohvandlik vositasini sotgan 1985-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro va uning jinoiy sherigi — 1985-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi qo‘lga olindi. Shuningdek, tojikistonlik shaxsning O‘zbekiston tumanidagi yashash xonadonidan ham 2 kg 362 gramm “opiy” moddasi musodara qilindi.
Qo‘qon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Nexia” rusumli avtomashina to‘xtatilib, holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan 1992-yilda tug‘ilgan fuqaroning sumkasidan 982 gramm “gashish” moddasi topildi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositasi avvalroq tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan shaharning yashirin joyiga qoldirib ketilgan bo‘lgan.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2000-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 989 gramm “gashish” moddasini 150 million so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.


