Farg‘ona viloyati Yozyovon tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi buyurtmachiligida 14 iyun kuni o‘tkazilgan 1 mlrd 38 mln so‘mlik davlat xaridida qonunchilikka zid holatlar aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabar berdi.
Aniqlanishicha, xaridda ishtirok etgan 2 nafar tadbirkorning taʼsischisi va rahbari bir-biriga yaqin qarindosh, yaʼni er-xotin bo‘lsa-da, xarid komissiyasi tomonidan ushbu affillanganlik holatiga baho berilmagan va nohalol raqobat kelib chiqqan bo‘lishiga qaramay, tanlovni o‘tkazishni vaqtinchalik bekor qilish choralari ko‘rilmagan.
Natijada «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonun hamda «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunning bir necha talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Shuningdek, davlat xaridida qatnashgan ikki tadbirkorning hujjatlarini o‘rganishda ularning tayyorlanishi, shakli va shu kabi boshqa holatlarga umuman baho berilmagan, aynan hujjatlarni bir joyda tayyorlanganligi ko‘rib chiqilmasdan bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Mazkur holatlar bo‘yicha xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida Agentlik tomonidan 14 iyun kuni buyurtmachiga taqdimnoma kiritildi hamda qonuniy chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasiga yuborildi. Agentlikning taqdimnomasiga binoan Yozyovon tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan 16 iyun kuni xarid komissiyasining bayonnomasi bekor qilindi.


