Farg‘ona shahrida barpo etilishi rejaga qo‘yilgan Ekoshahar hududida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ko‘chat o‘tqazish ishlari boshlanadi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Farg‘ona shahrida barpo etiladigan Ekoshahar hududida 70 gektar maydonda tashkil etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ko‘chat o‘tqazishga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi.
Unda shahar ob-havosini moʻtadillashtirish, hududni suv bilan taʼminlash maqsadida Ekoshahar o‘rtasidan oqib o‘tishi rejalashtirilgan kanal qurilishi ishlari davom etmoqda. Bugunga qadar kanalning 2 kilometrga yaqin qismi yakunlandi.
“Yangi O‘zbekiston” bog‘i tarkibida kanalning ikki chetidan piyodalar yo‘lagi, veloyo‘laklar uchun loyihada ajratilayotgan masofa 4 metr bo‘lishi, bunda piyodalar uchun 2,5 metr, veloyo‘lak uchun 1,5 metr ajratilishi loyihaga kikritilgan. Shuningdek, hokim kashtan, eman, lipa, lola va boshqa ko‘plab turdagi manzarali daraxtlar joylashuvini belgilashda ularning xususiyatini hamda hisobga olish zarurligini taʼkidladi.
Bundan ko‘zlangan maqsad ekotizimni shakllantirish, landshaft meʼmorchiligi va dizayni elementlari bilan boyitilishdan iborat.
Joriy hafta yakuniga qadar “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga ko‘chat o‘tqazish ishlari boshlanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ikkita milliy tabiat bog‘i tashkil etilishi va davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev "yangi Toshkentni bahavo joyda bunyod etamiz", - deya taʼkidlagandi. Shuningdek, So‘g‘diyona mahallasining Jaloir ko‘chasida, salkam 1 km masofada “brodvey” barpo qilinishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova


