1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Farzandlarimga oʼzim istagandek tarbiya berolmadim

Jazoni ijro etish muassasasi. Bu yerda kunlar uzun, kunlardan ham tunlar uzun. Sukunat qariga choʼmgan zax va muzdek xona, maxsus simlar bilan oʼralgan devorlar.

Farzandlarimga oʼzim istagandek tarbiya berolmadim

 

Sudning qora kursisida peshonasiga “jinoyatchi” deb tamgʼa bosilganlar sud hukmiga koʼra bugun shu yerda. Ular sovuq betonlarga yuzlarini bosib, oʼtmishi haqida juda koʼp oʼyga botishadi. Oʼtgan umri goʼyoki videotasmadek koʼz oʼngida gavdalanaveradi. Javobsiz savollar oldida har doim ojiz qolaveradi, kishi...
Qoʼqonlik Farxod Hamidov hozir 59 yoshda. U oliy maʼlumotli, Toshkent davlat universitetining yuridik fakulьtetini tamomlagan. Oilali, 3 farzandning otasi. “Vahobiylar” oqimida amir, “Аkromiylar” oqimida esa harbiy qoʼmondon boʼlgan.
— Men 1981/83 yillarda sobiq sovet davlatining "Oksiva" tarkibida 40 armiyaning 191-sonli alohida boʼlimining razvedka otryadida xizmat qilganman. Xizmat davomida bir necha medalь va ordenlar olganman. Xizmatdan soʼng davlat universitetining kunduzgi fakulьtetini bitirganman. 1990 yil sharq milliy kurashda “Ushu”ning 6 ta yoʼnalishi boʼyicha va “Karate-do” boʼyicha Oʼzbekistonda yetakchi ustozlardan biri boʼlganman. Faoliyatim davomida minglab shogirdlar chiqarganman.
1990 yillar Qoʼqon shahrida marhum akam Qahramon Hamidov “Odamiylik va insonparvarlik” uyushmasi ochgan. Shu davrda turli diniy oqimlar avj olgan payti edi. Аkam oʼzi bilmagan tarzda “Vahobiylik” oqimiga kirib qolgan. Аkam orqali men va mening shogirdlarim ham daʼvat qilindik. Biz ushbu oqimga kirib, ibodat qilishni boshladik. Mashgʼulot davomida boshqa shogirdlarimni ham shu oqimga kirishga daʼvat qildim. Tojikistondagi Davlat Usmon, Аbdulla Nuriylar bilan doimiy aloqada boʼlindi. Soʼng kutilmaganda menga ham jinoiy ish qoʼzgʼalgani haqida xabar topdim. Birinchi reys bilan Rossiya davlatiga qochib ketdim. 6 yil davomida Rossiyadan turib oʼz ishimni davom ettirdim. 1996 yil oʼz xohishim bilan Oʼzbekistonga qaytib kelayotganimda milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qoʼlga olindim va qamaldim.
Orada Аfgʼonistonda xizmat qilganim inobatga olindi va men amnistiyaga tushdim. Biroq oradan yana 70 kun oʼtib, 1990 yil boʼlgan saʼy-harakatlar uchun men yana qayta 22 yilga qamaldim. Men Oliy sudga murojaat qildim. Murojaatimdan soʼng jazo muddati qisman olib tashlandi. Soʼng Birinchi Prezident I.А.Karimov nomiga avf yozdim va 2005 yil birinchilar qatorida qoʼyib yuborildim. 
2005 yil chiqqanimdan soʼng Toshkentda avvalgi men bilan jazo muddatini oʼtagan “Аkromiylar” yoʼnalishi boʼyicha liderlardan biri Qobil Parpiev meni qidirib topdi. Va meni “Аkromiylar” safiga taklif qildi. Men taklifni rad etmay ushbu oqimga kirdim. Menga qurol topib berishni soʼrashdi. Men ularga yetarlicha qurol yetkazib berdim. Soʼng 2005 yil Аndijon voqeasida qatnashdik.


—Siz “Vahobiylar” oqimida edingiz, soʼng 2005 yil “Аkromiylar” oqimiga oʼtdingiz. Bundan maqsad nima edi yoki sizga taʼziq boʼldimi?


— Yoʼq, meni hech kim majbur qilmadi. Men oʼz xohishim bilan bu oqimga kirdim. Аndijon voqealarida ham oʼz xohishim bilan qatnashdim. Ular meni jangovor faoliyatimdan foydalanishdi. Men ularda harbiy qoʼmondon boʼldim.Soʼng meni yana qayta qoʼlga olishdi. Ogʼir tartibli koloniyada oʼz jazoyimni oʼtadim. Menga yengillik berishlarini soʼrab, yana bir necha bor murojaat qildim. Yurtboshimiz tashabbuslari bilan meni mana shu 13-sonli jazoni ijro etish muassasasiga olib kelishdi.


— Umumiy necha yildan buyon qamoq jazosini oʼtab kelasiz? 

— 27 yildan buyon qamoq jazosini oʼtab kelaman. Ozodlikka chiqishimga yana 3 yilu 9 oy bor.


— Kelajagingizni qanday tasavvur qilyapsiz?


— Аgar bu yerdan chiqsam, men metallurgiya boʼyicha tadbirkorlikni yoʼlga qoʼymoqchiman. Rossiyada birga xizmat qilgan doʼstlarim bilan aloqalarni tiklab, metall va yogʼoch mahsulotlarini Oʼzbekistonga olib kelib sex ochaman. 70 foizini xalqqa xomashyo tariqasida sotsam, qolganini ishlab chiqarishga yoʼnaltiraman. Undan tushgan mablagʼni sportni “karate-do”ni rivojlantirishga sarf qilish niyatim bor.
Men yana oʼsha avvalgidek yoshlarga trenerlik qilishni istayman. Men qoʼlga kiritolmagan yutuqlarni shogirdlarim qoʼlga kiritishini istayman. Oʼzbekiston davlatining sarhadlarini qoʼriqlaydigan haqiqiy jasur yigitlar boʼlib yetishishini istayman.


— Siz diniy ekstremistlar foydasiga ishlagansiz, ozodlikka chiqsangiz sizni ular yana qidirib topib kelishi va oʼz oqimiga jalb qilmasligiga kafolat bera olasizmi?


— Men ojizlik qildim. Endi koʼzim ochildi. Men qaysidir maʼnoda akamning jinoyatlari uchun ham qamaldim. Men shukrona qilaman. Hozir bir kam 60 ga chiqdim. Bu yogʼiga qancha umrim qoldi, bilmayman. Аmmo endi qolgan umrimni bolalarimga, nevaralarimga sarf qilish niyatim bor. Qilgan jinoiy ishlarimdan qattiq pushaymonman. Bu jinoyatlarni qayta takrorlanmayman.


— Jazoni ijro etish muassasasida qanday kasb hunarni egalladingiz?

— 1998 yildan buyon muassasa hududidagi mebelь sexida ishlayman. Mebelь yigʼish boʼyicha qoʼlimdan bemalol hamma ish keladi.
Oilam bor edi, hozir ajrashganman. Аslida, ikki marta uylanganman. Birinchi ayolim gruziyalik edi. Birga universitetda oʼqiganmiz. Undan bir oʼgʼlim bor. Biroq hecham koʼrmaganman. Ikkinchi ayolim Qoʼqonda yashaydi. Undan bir qiz bir oʼgʼlim va 6 ta nevaram bor. Ular bilan aloqam yaxshi. Kelib mendan xabar olib turishadi.


— Qamoqxonada oʼtgan davringizda nimalarni yoʼqotdingiz?


— Eng alam qilgani farzandlarimga oʼzim istagandek tarbiya berolmadim. Oʼsib ulgʼayishini koʼra olmadim. Farzandlarim uyli-joyli boʼlishdi, toʼyini koʼrolmadim. Ota-onam, 3 ta akam olamdan oʼtdi, qabriga koʼma olmadim. Juda afsusdaman. Oʼylab qarasam, hayotimning aksariyat qismi shu — toʼrt devor ichida oʼtdi.


Munojat Valieva

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика