O‘zbekiston terma jamoasi va Rossiyaning “SSKA” futbol klubi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev Ispaniyaning “Vilyareal” klubida faoliyatini davom ettirishi mumkin. Yevropa klubi Abbosni sotib olish bo‘yicha muzokaralarni boshlagani haqida xabarlar mavjud.
Abbosbek Fayzullayevga avvalroq Italiya va Germaniya klublaridan taklif bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ammo “SSKA” klubi uni jamoa safida qoldirishga qaror qilgan. “Armiyachilar” safida bosh murabbiy o‘zgargani bois Abbosbek Fayzullayevning transferi kun tartibiga chiqqan bo‘lishi mumkin.
Xabarlarga ko‘ra, Abbosbekning “Vilyareal”ga o‘tishi masalasi shu oy yakuniga qadar hal bo‘ladi. Transfermarkt Fayzullayevning narxini 6 mln yevroga baholagan.
Eslatib o‘tamiz, “Vilyareal” klub o‘tgan mavsumda La Ligada 8-o‘rinni egallab, yevrokuboklarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘lgan.


