Gidrometeorologiya xizmati agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 31-yanvar hamda 1–3-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining keskin o‘zgarishi respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfini yuzaga keltirishi mumkin. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma'lum qildi.
Xususan, Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kitob, Qamashi va Shahrisabz tumanlari, Surxondaryo viloyatining Boysun, Qumqo‘rg‘on, Sariosiyo va Uzun tumanlari xavfli hududlar qatoriga kiritilgan. Shuningdek, Samarqand viloyatining Nurobod, Qo‘shrabot, Samarqand va Urgut, Jizzax viloyatining Baxmal va Zomin tumanlarida ham qor ko‘chishi ehtimoli mavjud.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari, xususan Chotqol tizmasi tog‘larida, shuningdek Namangan viloyatining Pop tumanida ham xavfli vaziyat yuzaga kelishi mumkinligi qayd etilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi tog‘ oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi aholini, dam oluvchilarni hamda ushbu hududlarda harakatlanayotgan haydovchilarni alohida ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. Mutasaddilar zarurat bo‘lmagan taqdirda tog‘li hududlarga chiqmaslik, ob-havo va rasmiy ogohlantirishlarni doimiy kuzatib borishni tavsiya qilmoqda.


