FIDE Freestyle Jahon chempionati-2026 musobaqasi davom etmoqda. 4-tur uchrashuvlari O‘zbekiston vakillari uchun murakkab kechdi.
Nodirbek Abdusattorov amerikalik grossmeyster Hans Niemannga qarshi o‘yinda imkoniyatni boy berib, mag‘lubiyatga uchradi. Shu bilan birga, yana bir o‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov hindistonlik kuchli grossmeyster Arjun Erigaisiga qarshi bahsda yutqazdi.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, turnirda ishtirok etayotgan 8 nafar shaxmatchi o‘zaro bittadan, jami 7 ta partiya o‘tkazadi. Ushbu bosqich yakuniga ko‘ra eng yaxshi natija qayd etgan 4 nafar ishtirokchi yarim final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.
Avvalgi turlarda Abdusattorov Fabiano Caruana, Arjun Erigaisi va Vincent Keymerga qarshi dona surgan bo‘lsa, Sindarov esa Levon Aronian, Magnus Carlsen hamda Caruanaga qarshi bahslarda qatnashdi.
Keyingi, 5-tur doirasida esa ikki o‘zbekistonlik grossmeyster — Abdusattorov va Sindarov o‘zaro to‘qnash keladi. Ushbu uchrashuv har ikki shaxmatchi uchun turnir jadvalidagi o‘rnini yaxshilash nuqtai nazaridan muhim ahamiyat kasb etadi.


