FIFA prezidenti Janni Infantino Rossiya terma jamoalari va klublariga qarshi sanksiyalarni bekor qilishni ko‘rib chiqish zarurligini maʼlum qildi. Bu haqda Sky News telekanaliga bergan intervyusida gapirdi.
“Biz buni albatta qilishimiz kerak, hech bo‘lmaganda yoshlar darajasida. Bu sanksiyalar hech narsaga erisha olmadi, faqat umidsizlik va nafratni kuchaytirdi,” — dedi Infantino.
U shuningdek, Yevropaning boshqa qismlarida futbol o‘ynash imkoniyati Rossiyadan kelgan o‘g‘il-qizlar uchun foydali bo‘lishini taʼkidladi.
FIFA prezidenti shuningdek, futbol tashkiloti mamlakatlarni ularning rahbarlarining xatti-harakatlari sababli o‘yinlardan chetlashtirmasligi kerakligini qayd etdi va bu qoida tashkilot nizomida mustahkamlanishi lozimligini bildirdi.
Rossiya Futbol Ittifoqi (RFU) janob Infantinoning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. RFU bosh kotibi Maksim Mitrofanov: “Biz uning rahbarligi ostida jahon futboli sportni rivojlantirishga va mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga hissa qo‘shadigan to‘g‘ri yechimni topishiga aminmiz,” dedi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilda Ukrainada maxsus operatsiya boshlangandan so‘ng FIFA va UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini o‘z homiyligidagi turnirlarda ishtirok etishdan chetlashtirgan edi.


