Filippin qirg‘oqlari yaqinida yo‘lovchi parom cho‘kib ketishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi. Hodisa vaqtida parom bortida jami 350 kishi, jumladan 27 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Kamida 215 nafar yo‘lovchi qutqarib qolingan. Bu haqda RBK rasmiy manbalarga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, orollararo yuk va yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan M/V Trisha Kerstin 3 paromi Zamboanga port shahridan Sulu provinsiyasidagi Jolo oroliga yo‘l olgan. Safar davomida kema texnik nosozlikka duch kelgan va shundan so‘ng cho‘kib ketgan bo‘lishi mumkin.
Filippin Sohil qo‘riqlash xizmati xabariga ko‘ra, qutqaruv ishlari tezkor tarzda boshlangan. Basilan oroli gubernatori Muxiv Xataman portga olib kelingan yo‘lovchilar haqida ma’lumot berib, 37 nafar kishi qabul qilinganini, biroq ularning ikki nafari halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Rasmiylarning ta’kidlashicha, Filippin arxipelagida bo‘ronlar tez-tez kuzatilishi, kemalarning texnik holati yomonligi, yo‘lovchilar sonining me’yordan oshib ketishi hamda xavfsizlik qoidalariga yetarlicha rioya qilinmasligi sababli dengizdagi baxtsiz hodisalar, ayniqsa chekka hududlarda, tez-tez sodir bo‘lmoqda.


