Fransiya tarkibidagi Yangi Kaledoniya arxipelagida yarim mustaqil davlat tuzish bo‘yicha muhim kelishuvga erishildi. Bu haqda Politico nashriga tayanib, Oxu.Az xabar bermoqda.
Shanba kuni ertalab Yangi Kaledoniya kelajagi yuzasidan qarama-qarshi siyosiy kuchlar Fransiyadan to‘liq mustaqil bo‘lmagan yangi davlat maqomini belgilovchi bitimni imzolaganini e’lon qildi.
Kelishuvga ko‘ra, Yangi Kaledoniyaga muxtoriyat beriladi, alohida fuqarolik joriy etiladi va xalqaro munosabatlar borasidagi ayrim vakolatlar mahalliy hukumatga o‘tkaziladi.
Bitim keyingi bosqichda Fransiya parlamentida ovozga qo‘yiladi va orollarda referendum o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Yangi Kaledoniya — Tinch okeanida joylashgan Fransiyaga qarashli ma’muriy-hududiy birlik bo‘lib, undagi ijro hokimiyati mahalliy hukumatga, oliy siyosiy vakolat esa Fransiya Prezidenti tayinlaydigan Oliy komissarga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil bahorida mintaqada konstitutsiyaga o‘zgartirishlar — xususan, migrantlarga saylov huquqining berilishi — ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgandi.


