
Bundan tashqari, Parij AQSH bilan Chesapikdagi g‘alabasining 240 yilligini ham nishonlamaydi. Fransiya TIV rahbari Jan Iv Le Drian bularning barchasini Avstraliyaning suvosti kemalarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomani bekor qilishi ortidan bo‘layotganini aytgan.
Avstraliya AQSH bilan yangi harbiy kelishuvga ko‘ra, atom suvosti kemalarini oladi. Shuning uchun u Fransiyaning “Naval Group” kompaniyasi bilan tuzgan 56 milliard yevrolik shartnomani bekor qildi. Le Drianning fikricha, bunday qadamlar ittifoqchilar orasida bo‘lishi kerak emas. "Bu haqiqiy ortdan pichoq sanchish bo‘ldi. Biz avstraliyaliklar bilan ishonchli munosabatlarga ega edik ammo unga xiyonat qilindi", — degan vazir.
Fransiya razvedka tatqiqotlari markazi direktori o‘rinbosari Alen Rodyening qayd etishicha, shartnomani bekor qilib, Avstraliya Fransiyaning yuziga zarba bergan. Parij eng katta kelishuvdan mahrum bo‘lgan, uning amalga oshishi fransuz harbiy-dengiz sanoatiga bir necha yil davomida yordam bergan bo‘lardi.
Avstraliya TIV Fransiya qaroriga munosabat bildirdi. Unda Kanberra elchi chaqirib olinishidan afsusda ekanini, shuningdek, Parijning holatini yaxshi anglashini maʼlum qilgan.
AQSH Davlat departamenti ham hodisadan afsusda ekanini bildirdi. Shuningdek, Fransiya Vashingtonning ilk ittifoqchilaridan ekanini aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 16 sentyabr kuni AQSH Buyuk Britaniya va Avstraliya bilan harbiy hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishdi. Unga ko‘ra, uch tomonlama kiberxavfsizlik, flot va boshqa sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, Avstraliyaga atom suvosti kemalari beriladi. Bunga javoban Xitoyning AQSHdagi elchisi Vashingtondan sovuq urush davridagi fikrlardan voz kechishni talab qildi.
Jahongir Qo‘ziyev


