Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining maʼlum qilishicha, yurtimizga o‘tish uchun “Farhod” chegara bojxona postiga piyoda holda kirib kelgan fuqaro o‘z harakatlari bilan bojxona xodimlarida shubha uyg‘otgan. Shu bois ikki nafar xolislar ishtirokida u shaxsiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Natijada, fuqaroning ikki oyoqlari orasiga yashirilgan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan hamda og‘zaki so‘rovda maʼlum qilmagan, qiymati 29 million so‘mlik, og‘irligi 725 gr. bo‘lgan 215 dona zargarlik buyumlari qayta sotish maqsadida olib o‘tayotgani aniqlandi.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
"Amaldagi tartiblarga muvofiq, jismoniy shaxslar bojxona chegarasi orqali bojxona to‘lovlarisiz, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatgan holda umumiy og‘irligi 65 grammdan ko‘p bo‘lmagan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlarini olib kirishlari mumkin", — deyiladi boshqarma xabarida.


