1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Sport

Futzal bo‘yicha jahon chempionati: birinchi tur o‘yinlarida qanday natijalar qayd etildi?

Bugun Litva davlatida bo‘lib o‘tayotgan futzal bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi rossiyalik futzalchilarga qarshi maydonga tushadi. Chempionatning birinchi turida futzalchilarimiz Gvatemalaga imkoniyatni boy bergan edi. Rossiya termasi esa Misr jamoasini yirik 9:0 hisobida mag‘lub etdi. Vakillarimiz joy olgan “B” guruhida rossiyaliklar peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi pog‘onadan Gvatemala jamoasi joy olgan. Keyingi o‘rinlarni O‘zbekiston va Misr termalari band etib turibdi.

Futzal bo‘yicha jahon chempionati: birinchi tur o‘yinlarida qanday natijalar qayd etildi?

 

 

Chempionatning qolgan guruhlarida ham bahslar davom etmoqda. Xususan, “A” guruhida ham bugun ikkinchi tur o‘yinlari o‘tkaziladi. Unda Kosta-Rika termasi Venesuela bilan bahs olib borsa, mezbonlar qozog‘istonlik futzalchilar bilan to‘qnash keladi. Mazkur guruhda birinchi tur o‘yinlaridan so‘ng Qozog‘iston birinchi o‘rinda bormoqda. Venesuele ikkinchi, Kosta-Rika va Litva termalari keyingi o‘rinlarni egallab turibdi.

 

«C» guruhida esa marokashlik futzalchilar birinchi o‘yinda Solomon orollarini 6:0 hisobida mag‘lub etgan holda peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda Tailandni 4:1 hisobida mag‘lub etgan Portugaliya jamoasi bormoqda. 3-4-pog‘onani Tailand va Solomon orollari termalari egallab turibdi. Ushbu guruhda ikkinchi tur bellashuvlari 16 sentyabr kuni o‘tkaziladi. Unda Solomon orollari Portugaliya bilan, tailandlik futzalchilar Marokash termasiga qarshi bahs olib boradi.

 

Jahon chempionatining “D” guruhida Braziliya jamoasi dastlabki o‘yinda Vyetnamni 9:1 hisobda mag‘lub etgan holda yaqqol ustunlik bilan peshqadam bo‘lib turibdi. Panama termasini 5:1 hisobda yenggan chexiyaliklar ikkinchi bo‘lib turibdi. Mazkur guruhning ikkinchi tur o‘yinlari ham 16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Braziliya Chexiyaga qarshi bahs olib borsa, Panama Vyetnam bilan uch ochko uchun kurash olib boradi.

 

«E» guruhida birinchi tur o‘yinlari kecha bo‘lib o‘tdi. Unda Paragvay – Ispaniya, Angola – Yaponiya termalari ishtirokida bahslar o‘tkazildi.  Natijada ispanlar Paragvay ustidan 4:0 hisobda ustun kelgan bo‘lsa, Yaponiya Angolani 8:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi tur o‘yinlaridan so‘ng Ispaniya birinchi o‘rinda bormoqda. Yaponiyalik futzalchilar ikkinchi o‘rinni band etgan. Keyingi pog‘onalarni Paragvay va  Angola termalari egallab turibdi. Mazkur guruhning ikkinchi tur o‘yinlari 17 sentyabr kuni o‘tkaziladi. Unda Ispaniya Yaponiyaga, Angola esa Paragvay termasiga qarshi bahsga kirishadi.

 

Chempionatning «F» guruhida ham bellashuvlar kuni kecha bo‘lib o‘tdi. Musobaqaning amaldagi g‘olibi Argentina termasi AQSH bilan bellashgan bo‘lsa, eronlik futzalchilar Serbiya jamoasi bilan bahs olib bordi. Ushbu bellashuvlarda Argentina AQSHni 11:0 hisobida mag‘lub etdi. Eron esa Serbiyadan bitta to‘p farqi bilan ustun keldi. Hozirda «F» guruhida Argentina yaqqol peshqadam bo‘lib turibdi. Eron ikkinchi, Serbiya va AQSH jamoalari keyingi o‘rinlardan joy olgan. Guruhda navbatdagi tur o‘yinlari 17 sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Eron AQSH bilan bahs olib borsa, argentinaliklar Serbiyani sinovdan o‘tkazadi.

 

 

 

Jamshidbek Amirov

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика