Bugun O‘zbekiston futzal terma jamoasi Osiyo Kubogi saralashi doirasida Afg‘oniston termasiga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvning 2-daqiqasida Husniddin Nishonov hisobni ochgan bo‘lsa, xuddi shu daqiqaning o‘zida afg‘onlar javob golini kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Shundan so‘ng Ixtiyor Ropiyev ketma-ket ikkita to‘p kiritib jamoamizni hisobda oldinga olib chiqdi. Dilshod Rahmatov va Davron Choriyevlar tomonidan kiritilgan navbatdagi gollar termamizga yirik hisobdagi g‘alabani taqdim etdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston futzal terma jamoasi Afg‘onistonni 5:1 hisobida mag‘lub etib Osiyo Kubogiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Terma jamoamiz ilk turda Nepalni ham xuddi shu hisobda mag‘lub etgan edi.
Navbatdagi bahsda Bahodir Ahmedov shogirdlari Tojikistonga qarshi bahs olib boradi.
Avvalroq, O‘zbekiston futzal terma jamoasi xalqaro turnirda bronza medallarini qabul qilib olgani haqida xabar berilgandi.
Jamshidbek Amirov


