Gap-gashtak bahona to‘plangan xotin-qizlar davrasida bo‘layotgan gap-so‘z, g‘iybatlar, turli mish-mishlar ko‘plarning boshini egyapti.
“Gap” o‘ynashdan maqsad nima?
Hozirda yigitu qizlar, ayollaru erkaklar, hamkasblar, sinfdoshu kursdoshlar o‘rtasida gap-gashtaklar ko‘paygan. Bu, albatta, yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, maʼmurchilik va farovonlikdan nishona. Ammo… aksariyat gap-gashtaklar o‘zining asl maqsad-mazmunini yo‘qotib, to‘qlikka sho‘xlik qabilida bachkanalashib borayotgandek, go‘yo. Vaholanki, bu odatning qadim mazmun-mohiyati ancha tiyran. U shunchaki bekorchilik yoxud zerikishdan emas, tashvishlardan charchagan odamlarning do‘st-birodarlar maslahati, ruhiy madadi, maʼnaviy daldasi, dunyodan xabardor bo‘lish ehtiyojidan kelib chiqqan.
Azaldan gurunglarda turli tashvishlar biroz bo‘lsa-da unutilib, shirin suhbatlar qurilgan, sheʼrxonlik, kitobxonlik qilingan. Tarbiyaviy ahamiyatga ega pand-nasihatlar, ertagu rivoyatlar, hikoyatlar tinglanib, bahs-munozara yuritilgan. Bunday gap-gashtaklardan odamlarda yashashga ishtiyoq, ertangi kunga ishonch ortgan, ularga ruhiy kuch-quvvat bergan. O‘zaro ahillik, mehr-oqibat, qiyinchilik paytida bir-biriga yelkadosh bo‘lish xislatlarini tarbiyalagan, dunyoqarashi, ongu tafakkurini o‘zgartirgan. Fisqu fasod, orqavarotdan g‘iybatlarga o‘rin qoldirmagan. Ammo hozir-chi? Gap-gashtaklar kimlarnidir dardini eshitish, er-xotin, qaynona va kelin, xullas, oilaviy nizolarini, kerak bo‘lsa parda ortidagi ayrim muammolarini sirlashadigan joyga aylanib ulgurdi.
— Farzandlarimni o‘qitib, uyli-joyli qilgach, nafaqaga chiqdim, — deydi Orzugul aya Qalandarova. — Bizni yoshimizda “gap” o‘ynash ham kayfiyatimizga, ham sog‘lig‘imizga foydali deb o‘ylab, ko‘ngilga yaqin dugonalar kelishib, “gap” o‘ynashni rejalashtirdik. Uy-ro‘zg‘or, nevara-chevaralar tashvishidan bir oz chalg‘iymiz. Ammo buning salbiy tomonlari ham talaygina. Tan olish kerakki, bunday davralarning bosh mavzusi — qaynona-kelin munosabatlaridir. Kimdir kelini, quda-andalarini yomonlasa, yana kimdir ular olib kelgan sarpo-suruqlar bilan maqtanadi. Bunday g‘iybat, mol-dunyo bilan kibrlanishning keragi yo‘q. “Gap” o‘ynashdan maqsad — yaqinlar diydori. Bir piyola choy ustida yoshlik damlarni eslab, bolalikka qaytishning zavqi bo‘lakcha. Mana shu zavqqa qora nashtar suqishning keragi yo‘q, nazarimda. “Gap”lar shirin o‘tsa, yig‘ilganlarning kayfiyati ham ko‘tariladi.
Sotib olingan qarz
Bugun erkaklaru ayollar orasida urfga aylangan ushbu ziyofatlarda ziyofat egasiga beriladigan pul qiymati nimagadir qiyosan avvaldan belgilab olinadi. Ko‘pchilik ro‘zg‘ordan chegirib mana shu pulni orttira olar, ammo yetkaza olmaydiganlar-chi? O‘tkinchi hoyu-havasni, bir martalik qorin to‘yg‘azishni deb qanchadan-qancha oilalarning tinchi yo‘qolgan? Er-xotin orasiga sovuqchilik tushib, o‘rtada norasida bolalarning sarson bo‘lgani qolyapti, xolos.
— Bir kuni mahalladagi ayollar bilan 100 dollardan pul yig‘ib, gap o‘ynashga kelishdik, — deydi farg‘onalik Laylo Komiljonova. — Ishlaganim bois avvaliga har oyda buncha pulni topishga qiynalmadim. Ammo ishdan bo‘shagach, qiynalib qoldim. Turmush o‘rtog‘imning topgani esa ro‘zg‘orni butlash, ijara puli to‘lashdan ortmay qoldi. “Gap”dan chiqib ketishni o‘zimga ep ko‘rmay, to‘g‘rirog‘i, “yig‘inga” pul yetkazolmaganidan chiqib ketdi» degan gap bo‘lishini istab gashtaklarga boraverdim. Turmush o‘rtog‘imdan yashirib, oyimdan, qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlardan qarz olib yurdim. O‘zimni navbatim kelgan payt esa yig‘ilgan pullarni moddiy ehtiyojlarim uchun ishlatib yubordim. Xullas, qarzga botib qoldim. Pul berganlar eshigimni taqillatib kelavergach, siqilganimdan qon bosimim oshadigan bo‘lib qoldi. Oilamizda hotirjamlik yo‘qoldi. Sakkiz oylik farzandimni enagaga berib, ishga qaytishga majbur bo‘ldim. Bir yil astoydil ishlab, qarzlarimdan qutuldim. Mana shu voqea menga bir umrga saboq bo‘ldi.
Gohida g‘urur ustunlik qilibmi yoki maqtangimiz kelibmi atrofimizdagilarga o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilgimiz keladi. Ammo arzimagan bahona sabab o‘zimizdagi mana shu g‘ururni yenga olmaymiz. Odamlarning g‘iybati, fisqu-fasod gaplarini oila deb atalmish muqaddas qo‘rg‘ondan ustun qo‘yamiz. Natijada esa oilada doimiy janjallar, moddiy ma maʼnaviy yetishmovchiliklar yuzaga kelishiga o‘zimiz sababchi bo‘lib qolamiz.
Sayoq yurganim boshimga balo bo‘ldi
So‘nggi paytlarda internet tarmoqlarida tarqalayotgan xabarlarda o‘zaro janjallashib qolganlarning bir-biriga og‘ir tan jarohati yetkazganiga tez-tez guvoh bo‘layapmiz. Bunday jinoyat ko‘chasiga kirib qolganlar orasida, taassufki, xotin-qizlar ham yo‘q emas. Afsuski, guldek umrini xazon qilib, giyohvandlik va ichkilikbozlik domiga tushib qolayotganlar ko‘pincha dugonalari, tanish-bilishlari bilan yig‘ilib, tez-tez kafe-restoranlarga kelib turadigan, keyinchalik esa bu yerning doimiy mijoziga aylangan bo‘lib chiqadi.
— Dadam oilada kenja farzand bo‘lgani uchun biz katta hovlida qolgandik, — deydi Nigina Sodiqova. — Bobo va buvim vafotlaridan so‘ng amakilarim va ammalarim o‘rtasida uy-joy mojarosi ko‘tarildi. Ikki yil davom etgan bu muammolardan charchagan ota-onam barchasiga qo‘l siltab chet elga ishlagani ketdi. O‘shanda men o‘n to‘rt yoshda edim. Ota-onam meni shahardagi uzoqroq qarindoshimiz — Gulnoza opaga tashlab ketdi. Gulnoza opa farzandsizligi uchun turmushidan ajrab, yolg‘iz yashardi. Shuning uchun u spirtli ichimliklar ichar, chigareta chekardi. U gohida meni uyda yolg‘iz qoldirgisi kelmay tanish bilishlari, dugonalari bilan bo‘ladigan gap-gashtaklarga o‘zi bilan birga olib borardi. Bu paytda men ayni balog‘at yoshida bo‘lanim uchunmi bunday davralarga tez kirishib ketdim.
Biror kasb-hunarning boshini tutmadim. O‘zimga o‘xshagan dugonalar orttirdim. Ular bilan kunda-kunora to‘planib, ziyofatma-ziyofat yurardik. Bunday gap-gashtaklar o‘yin-kulgu, spirtli ichimliklar ichish va chekishsiz o‘tmasdi. Bu zahri qotilni ichsam o‘zimni yo‘qotib qo‘yardim. Nima qilayotganimni bilmasdim. Buning oqibatida betartib hayotga o‘rgandim. Yaqinda shifokorlar menda OIV infeksiyasini aniqladi. Shundagina xato qilganimni angladim. Kasalligimdan ota-onamning xabari yo‘q. Ularning ham yuzlarini yerga qaratdim, boshini egdim. Menga bo‘lgan ishonchlarini suiisteʼmol qildim.
Ayol degan buyuk nomga biror gard yuqishining o‘zi xunuk. Gap-gashtak bahona to‘plangan xotin-qizlar davrasida bo‘layotgan gap-so‘z, g‘iybatlar, turli mish-mishlar ko‘plarning boshini egyapti. Odamlarning tinch-osuda hayotiga, or-nomusiga chang solayapti. Oxir-oqibat o‘zimiz bilib-bilmay «ommaviy madaniyat» botqog‘iga qulayapmiz. Bunday illatlarning oldini olish, undan faqat yaxshi maqsadlar yo‘lida foydalanish o‘z qo‘limizda. Zero, yaqinlar diydori tom maʼnoda yaxshilikka xizmat qilsin. “Gap”dan gap chiqmasin.
Bahriniso MADUMAROVA


