"The New York Times" G'arb Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini musodara qilish va ularni Ukrainaga topshirishga ikkilanayotgani sabablarini sanab o'tadi.
O'tgan oy Kiyevga qilgan tashrifidan so'ng Moliya vaziri Janet Yellen jiddiy huquqiy to'siqlar haqida yana bir bor ogohlantirdi. Shveysariya hukumati esa banklardan Rossiyaning xususiy aktivlarini musodara qilish mamlakat Konstitutsiyasini, shuningdek, xalqaro shartnomalarni buzishini aytdi.
"Huquqiy munozara"dan tashqari, amerikaliklar dollarga bo'lgan ishonchni susaytirishdan qo'rqishadi.
“Boshqa davlatlar musodara qilinishidan qo‘rqib, AQSh banklarida pul saqlash yoki sarmoya kiritish istagini yo‘qotishi mumkin”, — deyiladi maqolada.
Yana bir muammo shundaki, bunday hajmning musodara qilinishi, agar xalqaro nizo yuzaga kelsa, boshqa mamlakatlarda joylashgan Amerika va Yevropa aktivlarini ekspropriatsiya qilish xavfiga duchor qilishi mumkin.
“Musodara G‘arb hukumatlari faol targ‘ib qilayotgan xalqaro qonunlar va kelishuvlar tizimiga ishonchni susaytiradi, degan xavotirlar ham bor”, — deyiladi maqolada.
Shu bilan birga, ekspropriatsiya tarafdorlarining aytishicha, Eron va Iroq mulklarini musodara qilish kabi misollar allaqachon mavjud. Shuningdek, Ukrainadagi urush va Rossiyani harbiy jinoyatlarda ayblash fonida bunday qadam ancha asosli ko‘rinadi.
G'arbni bu g'oyadan voz kechmaslikka majbur qiladigan yana bir sabab — urush tugaganidan keyin Ukrainani qayta tiklash xarajatlari hatto AQSh va Yevropa kabi boy ittifoqchilar berishga tayyor bo'lgan mablag'dan ham oshib ketishidir.


