Germaniya Qurolli kuchlari mablag‘lari hisobidan Termiz aeroportining 12 kilometrdan ortiq uzunlikdagi tashqi to‘sig‘i bo‘ylab va aeroport hududidagi tegishli operatsiya markazida xalqaro aviatsiya standartlariga muvofiq xavfsizlik va kuzatuv texnologiyasini 1 million yevrodan ortiq mablag‘ga moliyalashtirdi. Bu haqda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi maʼlum qildi.
Aeroportni modernizatsiya qilishda yoritish uskunalari uchun zamonaviy, tejamkor LED lampalardan foydalanilgan.
«Harbiy attashemiz shu hafta aeroport maydonida o‘rnatish ishlari yakunlanganini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldi. Termiz xalqaro aeroportida olib borilayotgan modernizatsiya ishlari bizda katta taassurot qoldirdi va bunga samarali hissa qo‘shganimizdan mamnunmiz», — deyiladi xabarda.
Elchixonaning qo‘shimcha qilishicha, 2002-2015 yillar oralig‘ida Germaniya Qurolli kuchlari Afg‘onistondagi ISAF xalqaro barqarorlashtirish missiyasi doirasida O‘zbekistonning janubiy qismidagi Termiz aeroportidan havo transporti uchun strategik markaz sifatida foydalangan.
«Germaniya Qurolli kuchlari olib chiqilganidan keyin ham biz zamonaviy xalqaro tijorat aeroportiga aylanish yo‘lida ushbu aeroport bilan chambarchas bog‘liqmiz», – deydi Germaniya tomoni.


