Germaniyada nemis tartib-intizomi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi: Palma-de-Malyorkadan uchib kelgan Condor aviakompaniyasining reysi atigi 10 soniya kechikkanligi sababli Myunxenga qo‘nishga ruxsat berilmadi.
Voqea 3-iyun, dushanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Bortida 220 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan avialayner Myunxen aeroportiga soat 00:30 dan keyin yetib kelgan. Bu vaqt esa aeroportdagi tungi shovqin cheklovlariga muvofiq qo‘nish qat’iyan taqiqlangan fursat hisoblanadi. Samolyot qo‘nishga to‘liq tayyor bo‘lgan, hatto qo‘nish moslamasi ham tushirilgan edi, ammo dispetcherlar qat’iy cheklov tufayli uni qabul qilishdan bosh tortgan.
Natijada samolyot Germaniyaning boshqa chekkasida, Belgiya chegarasiga yaqin joylashgan Hahn aeroportiga yo‘naltirildi. U yerga qo‘ngan yo‘lovchilar keyin avtobusda Frankfurtga olib borilgan va undan keyin yana boshqa reys orqali Myunxenga yetkazilgan. Bu jarayon umumiy hisobda 12 soat vaqt oldi — bu esa 10 soniyalik kechikish bilan solishtirganda nihoyatda keskin farqni anglatadi.
Yo‘lovchilardan biri, fotosuratchi Daniel Sharinger, vaziyatga izoh berar ekan, shunday dedi: “Byurokratiya sog‘lom aql ustidan g‘alaba qozondi”.
Condor aviakompaniyasi uzr so‘rab, barcha muammo avvalgi reysdagi texnik nosozlik tufayli yuzaga kelganini ma’lum qilgan.


