1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jamiyat

"G‘isht quyib, tor olganman" — G‘ulomjon YOQUBOV

O‘zbekiston xalq artisti G‘ulomjon Yoqubov sanʼati uni jarlikdan olib chiqqanini so‘zlab berdi.

"G‘isht quyib, tor olganman" — G‘ulomjon YOQUBOV

 

G‘ulomjon YOQUBOV: “Yolg‘on gapirishni yoqtirmayman...”

 

Bahorning ilk kuni tavallud topgan O‘zbekiston xalq artist G‘ulomjon Yoqubovning bolaligi Toshkent shahrining Ko‘kcha dahasida o‘tgan. U oilada uch farzandning o‘rtanchasi bo‘lgan. Saʼnatkor tor bilan do‘stlashgungacha bo‘lgan yillari va ijod yo‘llari haqida Oybek Aliyevning “Nom” loyihasida hikoya qildi.  

 

“Uyga yig‘lab kelma deyishgan...”

 

G‘ulomjon Yoqubov: — Uch yoshimda otam qazo qilgan. Men es-es eslayman, yelkalariga opichlab ko‘tarib yurardilar. Akam sakkiz yoshda bo‘lgan, singlim chaqaloq, onamiz oddiy ishchi edi. Mahallamizda bittagina zavod bo‘lardi, bosh kiyim tikilardi, ayollarning ko‘pchiligi o‘sha yerda ishlardi. Shu qatorda bizning onamiz ham. Uch bolani otasiz voyaga yetkazganlar. Ro‘zg‘orga bir-ikki so‘m bo‘lsin deb, kechasi bilan uxlamay do‘ppi tikib chiqqanlari hamon ko‘z oldimda turadi.

Oiladagi muvozanatni tutib turadigan, yana bir aziz insonim — buvim edi. Judayam zukko, aqlli ayol bo‘lganlar. Mahalladagilar oldlariga kelib maslahat so‘rardi. Har bir gapga maqol qo‘shib gapirardilar.

Uch-to‘rt yasharligimda bolalar bilan urishib, yig‘lab kelganman. O‘shanda aytgan gaplari qulog‘imga quyilib qolgan, “Uyga hech qachon yig‘lab kelma” deb urishganlar. Shundan keyin mahalladagi hech kimga tinchlik bermaydigan, sho‘x bolaga aylanganman. Qish kunlari konkida uchardik. Konki ham qo‘lbola, yog‘ochga sim o‘tkazib yasalgan. Ko‘chadan bir-bir o‘tib qoladigan mashinalarga osilardik. Xullas, yerga ursa, ko‘kka sapchiydigan bola edim.

 

“Shisha yig‘ardim...”

 

— Qanchalik sho‘x bo‘lmay, oilaviy qadriyatlarga bo‘ysunardim. Buvim rahmatli doim “Ko‘chadan birovning narsasiga ko‘z olaytirma” deb uqtirardilar. U paytlari hamma “Paxtakor” stadioniga futbolga borardi. Biz ham. Futbol tomosha qilishgamas, shisha idishlarni yig‘ishga ishqiboz edik. Keyin topshirib, pul olardik. Bir kuni kimningdir savatini olib, “butilka”ga to‘ldirdim. Uyga kelsam, ostonada buvim turgan ekan. Yelkamdagi yiqqan-terganimni ko‘rib, hayron qolib so‘radilar. “Sotib, pul qilaman” dedim men ham o‘zimda yo‘q xursand. “Qayerdan olib kelgan bo‘lsang, o‘sha yerga borib tashlab kelgin” deya qattiq gapirdilar. Yig‘lab-yig‘lab stadionga olib borib tashlab kelganman.

 

“Qo‘shnimning gapi alam qilgan”

 

— Mening bir yoomn odatim bor, alamlarni unutib yubora olmayman. Ro‘paramizda yashaydigan qo‘shni bola bilan o‘rtoq edim. Dadasi go‘sht kombinatda ishlardi. Ularning uyida kolbasalar bo‘lardi. Bir kuni hovlisiga kirayotsam, otasi “Anuv bola kelayapti, kolbasani bekitib qo‘y, ketganidan keyin yeysan” degan. O‘sha kundan o‘rtog‘im bilan aloqam uzilgan, katta bo‘lgach to‘yiga ham chiqmaganman. Otasining gapi juda alam qilgan.

 

“G‘isht quyib, tor olganman”

 

— Men sho‘x bo‘lish bilan birga qiziquvchan ham edim. Rassomlik, radiotexnikaga bosh suqib ko‘rdim, oxiri musiqa ko‘nglimga o‘tirdi. 3-sinfdan musiqaga maktabiga borganman. G‘ulomjon aka Qo‘chqorov degan domlam bo‘lardi. 98 yoshida qazo qilganlar. Shu inson qo‘limga rubob tutqazgan. Torni bolalar chalishi mumkinmas edi. Mening esa qarshiliklarga qarshi chiqadigan odatim bor edi. Rubobim bor, tor olish niyati tinchlik bermasdi. Do‘konda tor 21 so‘m turardi, menda esa bir tiyin ham yo‘q. 65-yil, 15 yoshimda ilk bor pul topganman. Mahalladagi bir kishiga g‘isht quyib berganman. 2 yarim mingta g‘isht uchun 22 so‘m bergan. 20 kunlar ter to‘kkib, hech kimga aytmasdan tor olganman.

 

“Onamning talabiga quloq tutdim, ammo...”

 

— 1967 yil maktabni tugatdim. O‘sha yillari “Mahallada duv-duv gap” filmi chiqqan, hamma “injener bo‘laman” degan orzuda yurardi. Onamga “Musiqani davom ettiraman desam, bo‘ladigan ishni qil” dedilar. Ular mening injenerlik sohasidan ketishimni istardilar. Fizika-matematikadan zo‘rmasman, bahomni bir amallab olardim... Tavvakal qildim. Birinchi ximiya fakutltetiga hujjat topshirdim. Keyin mahallamizda politexnikada dars beradigan domla bor edi, shuning tavsiyasi bilan qurulish fakultetiga hujjatlarimni oldim. Birinchi matematika fanidan yozma imtihon bo‘ldi. Qarasam, orqamda o‘tirgan bola shatirlatib ishlab yotibdi. Imtihon oxirlab qolganida o‘sha boladan ko‘chirib, “uch” olganman. Uning o‘zi “besh” baho olgan.

Og‘zaki imtihondan esa tabiiyki o‘tolmadim. Qancha iltimos qilmay, domla baho qo‘yib bermadi. Achchiq ustida to‘g‘ri O‘zbek davlat filarmoniyasiga keldim. Ansamblga tanlov bo‘layotgan ekan. Men ham qatnashdim. Ashula aytdim. Yaxshi baholashdi. Ammo yoshlik qilib qaytib bormadim. Bir kun uyga izlab kelishibdi. Qozog‘istonga ijodiy safarga ketishayotgan ekan, onam “Seni deb kelishibdi” deya menga borishimni aytdilar. Shu bilan hayotim boshlandi.

 

“Hammaning o‘z yo‘li bo‘lishi kerak”

 

— G‘ulomjon Qo‘chqorov sabab bo‘lib buyuk sanʼatkor Faxriddin Umarov bilan tanishish baxtiga muyassar bo‘ldim. U paytlari pul yo‘q, konsertlargia kirolmasdim. Faqat xiyobonlarda, ochiq joylarda bo‘ladigan konsertlarini daraxt ustiga chiqib ko‘rardim. Kun kelib esa domlam “Shu yigitning sizning qo‘shiqlaringizni kuylab yuradi” deya meni o‘zlari bilan tanishtirdilar.  

Filarmoniyada nafaqat mahoratim oshdi, o‘z ijro yo‘limni topdim. Muhammadjon Mirzayev degan insonning bir gapi doim yodimda turadi. “Sahroda tuya ketayapti, orqasidan bo‘taloq ergashayapti. Bo‘taloq qadamini tuyaning izlari ustiga tashlamaydi, yoniga qadam bosadi. Sen ham o‘z yo‘lingni topishing kerak” derdilar. Haq gap aytganlar. Ammo o‘z yo‘lingizni topguningizcha har ko‘yga bir tushib ko‘rarkansiz. Musiqa bilim yurtida o‘qiyotgan bo‘lsam-da, rasomlik bilim yurtiga ham ham hujjat topshirdim. Birinchi imtihondayoq besh olganman. Keyin musiqa bilim yurtidan ketdim. Besh yil rassomlik yo‘nalishida o‘qidim. Judayam yaxshi o‘qiganman. Talabalik stipendiyasining ham eng yuqorisini olganman. Bilim yurtini tugatgach, Jizzax teatriga ishga ketdim. 1974 yilgacha o‘sha yerda ishladim. Jizzaxdan qaytgach, yana filarmoniyada faoliyatni davom ettirdim. 77-yillarga kelib o‘z ijro yo‘lim bilan el nazariga tushdim. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq artist Abduhoshim Ismoilov yozgan qo‘shiqlar menga omad keltirdi.

1986 yil Moskvada “Oltin disk” mukofotini qo‘lga kiritganman. Alla Pugachyova bilan birga olgandik. Bu mukofotni qo‘lga kiritish sharti qo‘shiqlaringiz yozilgan disk million tirajda chiqishi kerak edi. “Majnuntol” degan ashulam milliondan oshiq tirajda sotilgan.

 

“Oilam haqida gapirishni istamayman...”

 

— Xudoning buyurgani, bir kunda ikki o‘g‘limizdan ajralib qolganmiz. Biri 23, bir 15 yosh edi. Qismat bu, peshanaga yozilgani bo‘larkan...

Farzand dog‘i juda og‘ir, insonni bukib qo‘yadi. Og‘riqni bosish uchun yillar kerak bo‘ldi. Saʼnat meni jarlikdan olib chiqib ketdi. “Sahnadan tushshmasligim kerak” degan fikrga kelganman o‘sha yillari.

 

“Yoshlarni eshitishni yaxshi ko‘raman”

 

— Men yolg‘on gapirishni yoqtirmayman. Aldovni ham darrov sezaman. O‘zim chunki yolg‘on ishlatmayman. Doim vaʼdamning ustidan chiqishga harakat qilaman. Birovni kutmayman, o‘zim ham kuttirmayman. Vaʼdamni hech qachon buzmayman. Hattoki shunaqa holatlar bo‘lganki, Surxondaryoga to‘yga borishim kerak. Samolyot uchmay qolgan. Xabarini yetkazganmiz. Ammo vijdonim qiynalib, rulga o‘tirib, sakkiz-to‘qqiz soat ichida Denovga yetib borganman.

Yana men yoshlarni eshitishni yaxshi ko‘raman. Jamoamda ham aksariyat yoshlar. Yoshlar siz bilan gaplashganda ensasi qotmasligi kerak. Ularni tinglashni bilish kerak. Bir xillar “Yosh bola-ku bu” deyishadi. Yo‘q, shu yosh bola ertaga katta odam bo‘ladi, ishonish, qo‘llash kerak.

 

Shoira SHAGIAHMEDOVA 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика