Bugun, 20 oktyabr kuni Boeing 747 rusumli yuk samolyoti uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketib, aeroport yaqinidagi dengizga tushib ketdi. Hodisa natijasida aeroport xodimlari bo‘lgan ikki kishi halok bo‘ldi, samolyot ekipajidagi to‘rt nafar aʼzo esa omon qolgan.
Rasmiy maʼlumotlarga ko‘ra, samolyot Dubayning Al Maktoum aeroportidan uchib kelgan. Voqea mahalliy vaqt bilan soat 03:50 atrofida sodir bo‘lgan. Samolyot yo‘nalishdan chiqib ketib, patrul mashinasiga urilgan, so‘ng suvga qulagan.
Internetda tarqalgan videolarda samolyotning bir qismi suvda cho‘kkan, burun va orqa qismlari esa parchalangani ko‘rinadi. Aeroport maʼmuriyati barcha favqulodda xizmatlar joyiga yetib kelganini va qidiruv-qutqaruv ishlari yakunlanganini maʼlum qildi.
Hozirda halokat sabablari bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Mutaxassislar samolyotning qora qutilarini topish va tahlil qilish ishlarini boshlagan. .
Gonkong aviatsiya boshqarmasi halokat yuzasidan dastlabki xulosalarni yaqin kunlarda eʼlon qilishi kutilmoqda.


