Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va Google kompaniyasining davlat organlari bilan hamkorlik va ommaviy siyosat boshqarmasi boshlig‘i Olga Skoroxodova o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuv avvalida mehmonlarga IT-Park faoliyati, rezidentlar uchun yaratib berilgan sharoitlar, xorijiy kompaniyalar uchun imkoniyatlar bo‘yicha maʼlumotlar berilgan. Shundan so‘ng O‘zbekiston IT va BPO sohalarini yana-da rivojlantirish hamda kadrlar salohiyatini oshirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, tomonlar AKT sohasidagi ish o‘rinlari, vakolatlar va taʼlim yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha ham fikr almashishdi.
Bundan tashqari, tajriba almashish va malakali mutaxassislar sonini ko‘paytirish maqsadida Google va O‘zbekistonning asosiy IT-kompaniyalari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ham muhokama qilindi.


