Astoria Grande layneri Sochidan Turkiyaga 2022 yilning iyul oyidan beri qatnaydi.
Astoria Grande kruiz laynerining bortida ruslar bilan Batumi portiga kelishi gruziyalik muxolifatchilarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Faollar kurort shaharchasi pristanida norozilik namoyishi uyushtirishdi. Muxolifatchilarga ko‘ra, yo‘lda sayyohlar Abxaziya va Janubiy Osetiyaga borib, bu bilan Gruziyaning “Ishg‘ol to‘g‘risida”gi qonunini buzgan.
Bu ham yetmagandek, kemadagi ayrim rossiyaliklar “Abxaziyani gruzinlardan Rossiya ozod qilgani” haqidagi daʼvolari olovga moy quygandek bo‘ldi.
Ayrim namoyishchilar Ukraina bayrog‘ini ko‘tarib olgani, ayrimlari esa Rossiya bayrog‘ini yoqqani xabar berilmoqda.
Norozilik namoyishlaridan keyin Astoria Grande layneri portni tark etgan. Gruziya rasmiylari kema Seyshel orollari bayrog‘i ostida suzib yurganini va uning portga kirishi tijoriy safar ekanligini taʼkidlashgan.
Gruziya hukumati kelajakda rossiyalik sayyohlar bo‘lgan Astoria Grande laynerini Botumi portiga kiritmaslikka qaror qildi.
Gruziya Abxaziya va Janubiy Osetiyani 2008 yildagi qurolli mojarodan keyin Rossiya tomonidan bosib olingan hududlar deb biladi.
31-iyulga o‘tar kechasi noroziliklar yana-da kuchaydi. Gruziya matbuotiga ko‘ra, politsiya portda xavfsizlikni kuchaytirgan va metall to‘siqlar o‘rnatgan. Namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan. Bir qancha hibsga olinganlar haqida xabarlar bor.


