Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekistonda sodir etilgan bir qator og‘ir jinoyatlar uchun qidiruvda bo‘lgan “Gryaz” laqabli jinoiy uyushma yetakchisi Turkiyada ushlandi. 1993-yilda tug‘ilgan Yo.M. O‘zbekiston IIV, DXX hamda mamlakatning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, u Turkiyada tergovdan yashirinib yurgan bo‘lib, 5-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytarilgan va tergov organlariga topshirilgan. Ushbu shaxs O‘zbekistonda jinoiy uyushma tashkil etish, o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish, bosqinchilik, tovlamachilik hamda mulkni qasddan nobud qilish kabi jinoyatlarni sodir etishda ayblanmoqda.
Yo.M. Jinoyat kodeksining bir nechta moddalariga asosan 2023-yilda Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan qidiruvga e’lon qilingan edi. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda va unga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.


