
Gurbanguli Berdimuhammedov yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan keladi. Berdimuhammedov bu haqda videoselektorda aytib o‘tgan.
Turkmaniston rahbari bosh vazir o‘rinbosari Esenmirat Orazgeldiyevga keyingi haftada o‘tkaziladigan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma o‘zbek-turkman komissiyasi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston tomoni bilan imzolanishi kutilayotgan bitimlarni muhokama qilishga topshiriq bergan.
“Bugun do‘stlik, birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik tamoyillariga asoslangan o‘zaro hamkorlik intensivligi bilan ajralib turadi. Yuqori darajada o‘tgan uchrashuv va muzokaralarda erishilgan kelishuvlar hamda istiqbolda belgilangan rejalar o‘zbek-turkman munosabatlarini o‘zaro manfaatlarga javob beradigan yangi bosqichga olib chiqadi”, – degan Berdimuhammedov.
Maʼlumot o‘rnida: Turkmaniston Prezidenti so‘nggi marta 2019 yil noyabrida O‘zbekistonga tashrif buyurgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil avgustida Turkmanistonning “Avaza” turistik majmuasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo prezidentlari maslahat uchrashuvida ishtirok etgan edi.
Jahongir Qo‘ziyev


