
Agentlik maʼlumotlariga ko‘ra, hozirda ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari tashrifga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Unda muhim tadbirlar, xususan, o‘zbek-turkman iqtisodiy forumi o‘tkazish rejalashtirilgan.
Berdimuhammedov ikki tomonlama munosabatlarni yuqori baholadi. Turkmaniston davlat axborot agentligining qo‘shimcha qilishicha, sentyabr oyida Dashoguz va Lebap viloyati delegatsiyalari Xorazm va Buxoroga ishchi tashrif bilan kelgan. Bu ikki davlat viloyatlari o‘rtasidagi aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Shuningdek, Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni yana-da kuchaytirishga qaratilgan farmon imzolagan. Unga ko‘ra, 2022-2026 yillarda Ashxobod O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi preparatlarini sotib oladi. Bundan tashqari 2022-2023 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikalari va pritseplar xarid qilish rejalashtirilgan.
Bundan avval Berdimuhammedovning O‘zbekistonga tashrifi oktyabr boshlarida bo‘lishi xabar qilingandi.
Jahongir Qo'ziyev


