Hech qaysi davlatning xavfsizligi yadro quroli evaziga taʼminlanishi mumkin emas. Bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish maʼlum qildi.
“Xirosima va Nagasakiga qarshi yadro qurolining qo‘llanilishi gumanitar halokatga sabab bo‘ldi. U insoniyat o‘zini o‘zi yo‘q qilishi mumkin bo‘lgan yangi davrni boshlab berdi. Haqiqiy xavfsizlik yadro quroli evaziga taʼminlanishi mumkin emas. Unga muloqot, muzokaralar, o‘zaro hurmat va xalqaro huquqqa hurmat asosida erishiladi”, – degan bosh kotib Nagasakidagi chiqishida.
Bugun Yaponiyaning Nagasaki shahriga atom bombasi tashlanganiga 77 yil to‘ldi. 1945 yil 9 avgust kuni AQSH harbiy-havo kuchlari ushbu shaharga yadro bombasini tashlagan.
Avvalroq Guterrish dunyo davlatlarini yadro qurolidan voz kechishga chaqirgandi.


